Zarafshon davlat qo'riqxonasi

Zarafshon davlat qo'riqxonasi

Qo‘riqxona 1975-yilda Samarqand vilo­yatida tashkil etilgan.

Maydoni 2518 gektar bo‘lib, Jomboy va Bulung‘ur tumanlari hududini qamrab oladi. Shundan 1257 ga maydon Bulung‘ur tumanida, 1095 ga maydoni esa Jomboy tumanida joy­lashgan. Qo‘riqxona hududi Cho‘ponota tepaligidan boshlanib pastga – Zarafshon daryosining o‘n qirg‘og‘igacha 46 km. maso­faga cho‘zilib ketgan.

Qo‘riqxona noyob hisoblangan Zarafshon qirg‘ovulini, chakanda kabi dorivor o‘simliklarni saqlab qolish va ko‘paytirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish maqsadida vujudga kelgan.

Florasi 300 xildan ziyod o‘simliklar o‘stiriladi. Shundan ikkitasi – Korolkov za’faroni va Kesselring sarvinjoni O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»iga kiri­tilgan. Bulardan tashqari qo‘riqxonaning 100 ga. maydonida dorivor o‘simliklar o‘stiriladi. Bunday dorivor o‘simliklar boshqa to‘qay o‘rmonlarida uchramaydi. Mevali daraxtlardan olma, o‘rik, nok, olxo‘ri, shuningdek, yunon yong‘og‘i va uzum kabi mevalar ham yetishtiriladi. Shuningdek, ushbu hududda dorivor o‘simliklarning 59 turi, manzarali daraxtlarning 20 turi, texnik o‘simliklarning 23 turi o‘stiriladi.

Zarafshon davlat qo’riqxonasi faunasi

Qo‘riqxona faunasi juda xilma-xil bo‘lib, 88 turdagi hasharotlar, 2 ta sinfga mansub 26 turdagi molluskalar, 18 xildagi baliq, 2 xil suvda va quruqda ya­shovchi jonivorlar, 8 xildagi sudralib yuruvchilar, 207 xildan ortiq qush va 24 xildagi sutemizuvchidan ibo­rat.

Molluskalardan ikki turi – So‘g‘d tishsizi va Daryo savatchasi O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»iga kiritilgan. Shuningdek, qo‘riqxonada Zarafshon qirg‘ovuli alohida himoyaga olingan. Ko‘p yillar avval bu hududda Zarafshon qirg‘ovuli juda ko‘p bo‘lgan. Biroq ke­yinchalik ularning haddan ziyod ko‘p ovlanishi natijasida soni keskin kamayib ketgan. 1978-yilga kelib qirg‘ovullar atigi 2000 dona qolgan, xolos.

Bundan tashqari, qo‘riqxona oqqanot qizilishton, qora qarg‘a, dala chumchug‘i, mayna kabi qushlarga doimiy qo‘nim makoni hisoblanadi. To‘qay bulbulini esa faqatgina yoz faslida uchratish mumkin. Ho­zirda qo‘riqxona hududida Zarafshon qirg‘ovullarini ko‘paytirish davom etmoqda. Bulardan tashqari tulki, chiyabo'ri kabi yirtqich hayvonlar ham ko‘p uchraydi. Buxoro bug‘usini ko‘paytirish borasida ham ishlar olib borilmoqda.

Zarafshon davlat qo’riqxonasi amaliy faoliyati

1990-yillar oxirida dunyo bo‘yicha 300-350 bosh Buxoro bug‘usi qolgan. Shuning uchun bu jonivor Xalqaro «Qizil kitob» va O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»iga kiritilgan.

1996-yilda Baday–To‘qay qo‘riqxonasidan 4 ta, 1997-yilda Qizilqum qo‘riqxonasidan 2 ta Buxoro bug‘usi keltirilgan. 1998-yilda qo‘riqxonada bug‘ular soni uchtaga ko‘paydi. Hozirda bug‘ular soni 26 taga yetgan bo‘lib, Buxoro bug‘usi Qizilqum qo‘riqxonasida 100 ta, Baday-To‘qayda 160 ta va dunyo miqyosida 1000 taga yetgan. Bu esa qo‘riqxonada ko‘zlangan ishlar amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.

Zarafshon davlat qo'riqxonasi rasmiy sayti: http://zarafshonquriqxona.uz/ 

Zarafshon davlat qo'riqxonasi Real sayohatlar

Audio va video

Zarafshon davlat qo'riqxonasi Google xaritada

Zarafshon davlat qo'riqxonasi xaritada