Kitob davlat geologiya qo’riqxonasi

Kitob davlat geologiya qo’riqxonasi

17 dekabr 2017

O‘lkamizda tabiatni muhofaza qilish, jonivorlarni asrash maqsadida deyarli har bir viloyatda qo‘riqxonalar tashkil etilgan. Ularni tashkil etishdan asosiy maqsad tabiatni muhofaza qilish hamda o‘simlik va hayvonot olamini ko‘paytirishdir.

Qashqadaryo viloyatida «Hisor» tog‘-archazor qo‘riqxonasidan tashqari O‘zbekistondagi yagona "Kitob” davlat qo‘riqxonasi Zarafshon tizma tog‘larining g‘arbiy qismida 1979-yilda tashkil etilgan. Bu yerda yurtimizdagi noyob o‘simlik va hayvonlar muhofaza qilinadi.

Shuningdek, Qo‘riqxonada nafaqat hududdagi ekotizimni saqlab qolish, Xalqaro va O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi» ga kiritilgan o‘simlik, hayvonot olamini ham muhofaza etishga xizmat qiladi. Uning umumiy maydoni 4 ming gektarni tashkil etadi. Yer sharining geologik tarixi bo‘yicha tabiiy ilmiy yodgorlik hisoblanadi. Ushbu geologic qo‘riqxona o‘z ahamiyati jihatidan jahon geologik merosining eng ajoyib ko‘rinishi sifatida xalqaro maqomga egadir.

"Kitob” davlat geologik qo‘riqxonasi nafaqat bir necha yuz million yillar avval yashagan, davrlar o‘tib iqlim o‘zgarishlari natijasida qadimgi dengiz jonzotlari tosh bo‘lib qotgan kesmalari, balki bugungi kun hayvonot va nabotot olami bilan ham mashhurdir. Qo‘riqxona hududida 300 xil manzarali o‘simliklar o‘sadi. Shundan 280 turi xalq tabobatida ishlatiladi. 22 turi esa O‘zbekiston Respublikasining "Qizil kitobi”ga kiritilgan. Shuningdek, sut emizuvchilarning 21 turi, sudralib yuruvchilarning 14 turi, suvda va quruqlikda yashovchilarning 2 turi, baliqlarning esa 3 turi mavjud. Qo‘riqxona hududida tarvaqaylab o‘sgan yong‘oqlar, hosili mo‘l qizil olmalar, baland bo‘yli, yovvoyi qizil do‘lanalar va boshqa daraxt turlarini uchratish mumkin. Ammo ularning shoxlarida sayrayotgan qushlar soni uncha ko‘p emas. 128 turi muhofaza qilinsa ham, aksariyati juda kam uchraydi. Shuningdek, Zinzilboy soyi bo‘ylab yurganda daraxt turlari, archalar, jilg‘alarni ham ko‘rish mumkin. Bu yerda o‘simliklar, hayvonlar, qushlarning nihoyatda noyob turlarini uchratsa bo‘ladi. Ana shulardan biri hududimizda kam uchraydigan, o‘ziga xosligi bilan ajralib turuvchi ko‘k qushdir. Tabiatda ko‘k va moviy tusli qushlar ko‘p, ammo ko‘k qush ularning hech biri emas. Uning ilmiy unvoni Myophonus caeruleus Scop deb nomlangan.

Ko‘k qush qo‘riqxona soylarining maftunkor qushidir. U toshqin suvlarda qad ko‘tarib turuvchi toshlarda uchraydi, to‘q ko‘k rangda tovlanib, ovozi nafis va jarangdor yangraydi. "Uni ko‘rgan inson baxtli bo‘larmish”, - deb rivoyatlarda ham aytib o‘tiladi. Soylar, daralar bo‘ylab yurganda daraxtlarning ancha siyrak, shuningdek, soyli joylarda nisbatan qalinroq o‘sganini ko‘rish mumkin. Qo‘riqxonada Zarafshon archasi ham muhofaza qilinadi. Archa uncha baland o‘smagan, sarg‘ayib qolgan o‘t-o‘lanlar bilan qoplagan, tog‘ yonbag‘riga yashilligi bilan chiroy baxsh etib turadi. O‘zidan xushbo‘y hid taratadi. Bu betakror hudud xalqaro tadqiqotlar markaziga aylangan.