Zomin davlat qo'riqxonasi

Zomin davlat qo'riqxonasi

26 Sentabr 2017

O'zbekistondagi eng qadimiy tabiat qo'riqxonasi.

Zomin Turkiston tog’ tizmalari bag’ridagi eng xushmanzara maskanlardan. Dengiz sathidan to’rt ming metr balandlikda joylashgan noyob ekotizimga ega Zomin xalq bog’i va Zomin davlat qo’riqxonasida o’simliklarning 700 dan ziyod, kam uchraydigan yovvoyi hayvonlarning esa 150 turi mavjud.

Zomin o’rmon xo’jaligida archa, bodom, pista, tog’ teragi kabi daraxtlar ko’chatlari parvarishlanib, mamlakatimizning boshqa hududlariga yetkazib berilmoqda.

Go’zal tog’ tabiatidan bahra olish, archazorlar qo’ynidagi Zomin sanatoriysida sog’lig’ini mustahkamlash uchun bu yerga mamlakatimizning barcha hududlaridan sayyohlar, dam oluvchilar uzluksiz kelib turadi. So’nggi yillarda bu xushmanzara hudud xorijlik sayyohlar e’tiborini ham torta boshladi. Uning o’ziga xos ekzotik tabiati, xilma-xil landshafti, flora va faunasi, O’riklisoy sharsharasi, 700 yoshli Boboyong’oq kabi tabiat yodgorliklari, tarixiy maskanlar sayyohlarda katta qiziqish uyg’otmoqda.

Zomindagi 700 yoshlik Boboyong’oq

Zomindagi 700 yoshlik Boboyong’oq

Ayni paytda Zomin davlat qo’riqxonasi hududidagi O’riklisoy, Hulkar, Usmonlisoy, Pishag’ar qishloqlarida sayyohlar uchun oltita uy-mehmonxona qurib bitkazildi. Xorijlik sayyohlar uchun maishiy, transport, yo’lboshlovchilik, oshxona kabi xizmatlar yo’lga qo’yildi.