05 oktabr 2017
Bugungi kunda ekoturizm butun dunyoda eng serdaromad sohalardan biriga aylandi. Ekspertlarning fikricha, bu tarmoqni yanada rivojlantirish nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni samarali hal etish, balki ekologik muammolarni bartaraf qilishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston boy tabiiy resurslar, betakror o‘simlik va hayvonot olamiga ega. Ushbu salohiyatni asrash va ko‘paytirish maqsadida ko‘plab milliy dastur va loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.Bir qator hukumat qarorlari bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mamlakatimizda ekotizim barqarorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan ishlar jarayonida tabiatdan foydalanishning iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish, atrof-muhitga inson omilining salbiy ta’sirini kamaytirish, chiqindilarni zararsizlantirish, ishlab chiqarishga sof texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida tashlanayotgan chiqindilar miqdori yildan-yilga kamaymoqda. “Yashil iqtisodiyot”ni joriy etish, innovatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan loyihalar ko‘lami kengaymoqda.
Ekologik turizmni rivojlantirish – yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan. O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, hozirgi kunda yurtimizning ko‘plab hududlarida bunday ishlar keng yo‘lga qo‘yilgan. Buxoro viloyatidagi “Jayron” ekomarkazida, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani, Jizzax viloyati Zomin tumanidagi tabiiy hududlarda ekoturizm xizmati ko‘rsatish infratuzilmalari yaratilgan.