08 oktabr 2017
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 fevral kuni «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini 2017−2018 yillarda iqtisodiy rivojlantirish va bandlikni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda Mehnat vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Investitsion loyihalarning manzilli ro‘yxatiga sanoatda umumiy qiymati 30 mlrd so‘m bo‘lgan 28 ta, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida 17,2 mlrd so‘mlik 28 ta, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘ycha 16 ta loyiha kiritilgan. Umumiy qiymati 52,3 mlrd so‘m, jumladan 990 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan 72 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 1343 ta yangi ish o‘rini yaratilishi nazarda tutilgan.
Tijorat banklariga tadbirkorlik sub’ektlari uchun Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasida kreditlar ajratish tavsiya etilgan.
Qarorda sobiq «Mo‘ynoq baliq konserva kombinati» va sobiq 5-qurilish boshqarmasining 20,5 ga hududida elektrotexnika, qurilish materiallari, sug‘orish uskunalari, suv nasoslari, suv hisoblagichlari, suv quvurlari, tayyor trikotaj, tikuvchilik va boshqa zamonaviy mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha «Mo‘ynoq» kichik sanoat zonasini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Mo‘ynoq tumaniga investitsiya kiritishga qaror qilgan tadbirkorlar uchun respublikada muqobili bo‘lmagan o‘ziga xos soliq imtiyozlari va preferensiyalar taqdim etiladi. 2017 yil 1 apreldan 2027 yil 1 yanvargacha bo‘lgan qariyb 10 yillik muddat davomida «Mo‘ynoq» kichik sanoat zonasida yangi tashkil etiladigan va uning maydonida sanoat sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub’ektlari barcha turdagi soliqlardan, tuman hududida ro‘yxatdan o‘tgan va ushbu hududda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar qat’iy belgilangan soliqdan ozod qilinishi belgilandi.
Bundan tashqari, tadbirkorlar tumandagi foydalanilmayotgan davlat ob’ektlarini ish o‘rinlari ochish sharti bilan «nol» qiymatda ijaraga olishlari mumkin. Davlat mulki bo‘lgan yana 12 ta bo‘sh bino ish o‘rinlari ochish sharti bilan salohiyatli investorlarga «nol» xarid qiymatida sotiladi.
Mo‘ynoqni rivojlantirish dasturida asosiy e’tibor sayyohlik salohiyatini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlarga qaratilgan. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ro‘yxatiga quyidagilar kiritilgan:
Mo‘ynoq tumani va Orol dengizi hududiga turistlarni kengroq jalb qilish imkoniyatlari, hududning tabiati, hayvonot olami va tuman aholisining an’analari, urf-odatlari haqida videoroliklar tayyorlash uchun «Moya Planeta», «National Geographic», «Animal Planet», «Viasat Explore» kabi yetakchi telekanallarni taklif etish.
Turistlar oqimi kamaygan mavsumlarda respublika miqyosida oliy o‘quv yurtlari talabalari, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari va yirik tashkilotlar xodimlarini tashkillashtirilgan holda Mo‘ynoq tumani hududiga sayohatlarini amalga oshirish.
Mo‘ynoq tumani hududini yanada obodonlashtirish, ko‘p qavatli uylarning tom, fasad qismlari, pod’ezd va yo‘laklarini ta’mirlash va o‘rindiqlar o‘rnatish, bolalar maydonchalari (o‘yingohlari) tashkil qilish hamda atrofini tartibga keltirish kabi tadbirlarni amalga oshirish ham mo‘ljallangan.