Eco World News
Ju 06

Sarmishsoy sayyohlarni qanday jihatlari bilan chorlayapti?

06 aprel 2018

Navoiy viloyatida turizmni rivojlantirish, xizmat turlarini yanada kengaytirish va takomillashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Nurota tumani ulkan turistik salohiyatga ega. Jumladan, tumanning Sentob qishlog‘idagi qoya toshlarga ishlangan V-VI asrlarga oid petrogliflar, baland tog‘dagi ko‘hna qo‘rg‘on qoldiqlari, XI-XVIII asrlarga oid toshga o‘yilgan yozuvlar hamda qishloqning eng yuqori nuqtasidagi Fozilmon ko‘li manzaralari, Akko bulog‘ining shifobaxsh suvi sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. 

Sarmishsoy va Aydarko‘l atrofida yangi turistik infratuzilmani rivojlantirish maqsadida yangi yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yildi. Tadbirkor Farhod Sirojov tashabbusi bilan Sarmishsoy kengliklarida oilaviy dam olish markazi qurildi. Qisqa muddatda qad rostlagan maskanda 10 dan ziyod o‘tov, kottej, restoran va cho‘milish havzalari barpo etilgan. 

Turistik maskanning mavsumiy ochilish marosimida Fransiya va Indoneziyadan kelgan jurnalistlar hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda milliy taom – sumalak pishirildi. 

Dara bo‘ylab ot va tuyada sayr, mahorat darslari asosida milliy taomlar tayyorlashning yo‘lga qo‘yilishi sayyohlarga o‘zgacha zavq ulashayotir. Buni o‘tgan yili bu yerga 200 ga yaqin xorijlik sayyoh va 500 dan ziyod mahalliy aholi kelganidan ham bilish mumkin. Dam olish maskaniga turistlar asosan, Sarmishsoy muzey-qo‘riqxonasini ko‘rish uchun tashrif buyuradi. 

– O‘zbekistonga birinchi marta kelishim. Qizimni ham olib kelganman, – deydi ispaniyalik sayyoh Marisa Arguliss. – O‘qituvchi bo‘lganim bois tarixiy qo‘lyozmalarga qiziqishim katta. Qoyatoshdagi tasvirlarni ko‘rib, juda hayratlandim. Qadimda bu daraning odamlar bilan gavjum, hayot qizg‘in maskan bo‘lganiga qoyatoshlarga muhrlangan minglab rasmlar guvohlik beradi. Hayvonlar, kamonli ovchilar va ov jarayonlari suratini tomosha qilib, necha ming yil avvalgi moziy ko‘z oldingizda gavdalanadi. Bu ajdodlaringiz o‘sha zamonlardayoq nechog‘li zukko va mohir hunarmand bo‘lganidan dalolatdir. 

Darhaqiqat, 7 ming yillik tarixni o‘z bag‘rida asrab kelayotgan Sarmishsoy taxminan 5 mingdan ziyod noyob qoyatosh bitiklarini bizning zamonamizgacha yetkazib bergan qutlug‘ zamindir.
 
Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA

Fikr bildiring

Email manzilingiz hech kimga koʻrsatilmaydi. Majburiy boʻlimlar * bilan belgilangan.

Ism

E-mail

Xabar matni

Search news

OUR REPORTS

MORE REPORTS